Шрифт олчами: A A A A A Ранг схемаси: A A А Расмлар: Сайтнинг толиқ версияси

Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Menu
 
Avtomobil transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom avtomobilь transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Tijorat asosida amalga oshiriladigan yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyati litsenziyalanishi kerak.
Tijorat asosida yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Aholining hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ygan tabiiy ofatlar, epidemiyalar, yirik avariyalar oqibatlarini tugatish hamda Hukumat qarorlari bo‘yicha avariya-qutqarish va tiklash ishlari amalga oshirilishi va muruvvat yuklari etkazib berilishi talab etilishi bilan bog‘liq tashishlarni amalga oshirishga, elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni sotuvchiga va etkazib beruvchiga shaxsiy mulk, ijara va boshqa foydalanish huquqiga asosan tegishli bo‘lgan avtomobilь transportida O‘zbekiston hududi bo‘ylab etkazib berishga, shuningdek, «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasida nazarda tutilgan korxonalar va muassasalarga litsenziya olish talab etilmaydi, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno.
3. Litsenziya berish, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan holatlarda litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish, shuningdek, uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlar litsenziyalovchi organlar tomonidan:
O‘zbekiston avtomobilь transporti agentligi tomonidan (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) — O‘zbekiston Respublikasida yo‘lovchi va yuklarni xalqaro tashish bo‘yicha;
Agentlikning hududiy boshqarmalari tomonidan shahar, shahar atrofi, shaharlararo yo‘lovchi va yuklarni tashish bo‘yicha qabul qilinadi.
4. Agentlikka litsenziyalovchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish, litsenziyalash tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi litsenziyalarning yig‘ma reestrini yuritish, litsenziyalovchi organlar tomonidan avtomobilь transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish vakolatlari yuklanadi.
5. Avtomobilь transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish huquqi uchun namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
Litsenziya talabgorining arizasiga ko‘ra litsenziya umuman faoliyat turiga yoxud uning quyidagi qismlariga beriladi:
a) yo‘lovchilarni shaharda avtobuslarda tashish;
b) yo‘lovchilarni shaharda mikroavtobuslarda tashish;
v) yo‘lovchilarni shaharda engil avtomobillarda tashish;
g) yo‘lovchilarni shahar atrofida avtobuslarda tashish;
d) yo‘lovchilarni shahar atrofida mikroavtobuslarda tashish;
e) yo‘lovchilarni shahar atrofida engil avtomobillarda tashish;
j) yo‘lovchilarni shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha avtobuslarda tashish;
z) yo‘lovchilarni shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha mikroavtobuslarda tashish;
i) yo‘lovchilarni shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha engil avtomobillarda tashish;
y) yo‘lovchilarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha avtobuslarda tashish;
k) yo‘lovchilarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha mikroavtobuslarda tashish;
l) yo‘lovchilarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha engil avtomobillarda tashish;
m) yuklarni avtomobilь transportida shaharda va shahar atrofida tashish;
n) yuklarni avtomobilь transportida shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha tashish;
o) yuklarni avtomobilь transportida xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish.
O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan yuk avtomobili yoki shatakchi avtomobilь hamda xorijiy davlat hududida ro‘yxatga olingan tirkama yoki yarim tirkamadan iborat transport vositalari tarkibidan foydalangan holda amalga oshiriladigan xalqaro tashishda yuk avtomobili yoki shatakchi avtomobilga olingan litsenziya transport vositalarining butun tarkibi uchun amal qiladi.
Litsenziat litsenziyalovchi organga murojaat qilganda bir ariza bo‘yicha ushbu litsenziyalovchi organ tomonidan beriladigan litsenziya turlarining bir necha qismini olish huquqiga ega.
Xalqaro yo‘nalishlarda yuklarni tashishni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega bo‘lgan avtomobilda milliy yuk tashuvchilar unga muvofiq shaharlararo yo‘nalishlarda yuk tashishni amalga oshirish huquqiga ham egadirlar.
6. Litsenziya amal qilish muddati cheklanmasdan beriladi.
7. Litsenziya bilan birga har bir avtotransport vositasiga litsenziya kartochkasi beriladi.
Litsenziya kartochkasi — litsenziya talablari va shartlariga majburiy tarzda rioya qilingan holda yo‘lovchilar va yuklarni tashishda foydalaniladigan har bir avtotransport vositasiga litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun beriladigan ruxsatnoma (litsenziya).
Litsenziya kartochkasining amal qilish muddati ashyoviy huquqlar yoki ijara shartnomasining amal qilish muddati bilan cheklanadi. Litsenziya kartochkasining amal qilishi litsenziya kartochkasi berilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Tijorat tashuvlarida litsenziya kartochkalari bilan ta’minlanmagan avtomobilь transporti vositasidan foydalanish noqonuniy hisoblanadi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashga sabab bo‘ladi.
8. Quyidagilar:
litsenziya talabgorining arizasiga ko‘ra litsenziyalovchi organ qaroriga binoan beriladigan litsenziya bilan birgalikda birinchi litsenziya kartochkalari;
litsenziya talabgorining arizasiga ko‘ra avtotransport vositalari harakatdagi tarkibi ko‘paygan taqdirda mavjud litsenziya asosida qo‘shimcha litsenziya kartochkalari;
ushbu Nizomning 23-bandida nazarda tutilgan holatlarda, shuningdek, avtotransport vositasining davlat raqami belgisi o‘zgarganda, avtotransport vositasining yuk ko‘tarish yoki yo‘lovchi sig‘imi ko‘payganda (kamayganda), bir avtotransport vositasi shu klassdagi boshqa avtotransport vositasiga almashtirilganda ushbu avtotransport vositasiga mavjud litsenziya kartochkalari asosida litsenziya talabgorining litsenziya kartochkalarini qayta rasmiylashtirish bo‘yicha arizasiga ko‘ra qayta rasmiylashtirilgan litsenziya kartochkalari beriladi;
litsenziya talabgorining arizasiga ko‘ra yo‘qotib qo‘yilgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya o‘rniga litsenziya kartochkalarining dublikatlari beriladi.
Har bir holatda ariza beruvchi (litsenziya talabgori yoki litsenziat) avtotransport vositalarining ro‘yxatini taqdim etadi, dublikat berish holati bundan mustasno.
II. Litsenziya talablari va shartlari
9. Quyidagilar avtomobilь transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
a) litsenziat tomonidan avtotransport vositalaridan foydalanishda, ularni shaylashda qonun hujjatlariga, tashish qoidalariga majburiy rioya qilinishi, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi;
b) shtatda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan, tegishli lavozimni egallash huquqi uchun Agentlik tomonidan belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tgan mansabdor shaxslarning mavjud bo‘lishi;
v) litsenziat foydalanayotgan har bir avtotransport vositasi uchun litsenziya kartochkasi mavjud bo‘lishi;
g) avtotransport vositasining belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tganligini va texnik jihatdan sozligini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjud bo‘lishi;
d) avtomobilь transportida yuk tashuvchi yakka tartibdagi tadbirkorning va yuridik shaxs xodimlarining avtomobilь transportida yo‘lovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirishda qo‘yiladigan malaka talablariga muvofiqligi;
e) qonun hujjatlariga muvofiq fuqarolarning ayrim toifalari imtiyozli tashilishi;
j) tenderlar natijalari bo‘yicha, vakolatli organlar bilan shartnoma asosida yo‘lovchilarni yo‘lovchilar huquqlariga, harakatlanishning belgilangan jadvallariga, transportda yurish tariflariga rioya etgan, yo‘lovchilarning belgilangan toifalarini tekin va imtiyozli tarzda tashishni ta’minlagan, qoida buzish, antisanitariya holatlariga xizmat ko‘rsatish sifatining past bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagan holda avtomobilda muntazam tashish (yo‘nalishli taksilardan tashqari);
z) tashish va yong‘in xavfsizligi talablarini bajarish, avtotransport vositasini texnik jihatdan soz holatda saqlash, uni asrash, texnik ko‘rikdan o‘tkazish, texnika xavfsizligini ta’minlash, avtotransport vositalarini yo‘lga chiqishdan oldin texnik ko‘rikdan o‘tkazish va haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
i) yangidan olinayotgan va to‘ldirilayotgan avtotransport vositalariga litsenziatlar tomonidan qo‘shimcha litsenziya kartochkalarining o‘z vaqtida olinishi;
k) shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro yo‘nalishda avtomobilda tashishlarni amalga oshirayotgan avtotransport vositalarida servis ustaxonasining tamg‘asi qo‘yilgan nazorat priborlari (taxograflar) mavjud bo‘lishi.
l) yo‘nalishsiz taksilarning texnik holati va asbob-uskunalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir normativ-huquqiy hujjatlar talablariga, tashqi ko‘rinishiga va anjomlariga, yagona tanish belgilari bilan jihozlashga qo‘yiladigan talablarga muvofiqligi.
Litsenziya bitimida mazkur bandda sanab o‘tilganlardan aniq litsenziya talablari va shartlari nazarda tutilishi mumkin.
III. Litsenziya olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar
10. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) yuridik shaxs uchun yuridik shaxsning nomi va tashkiliy huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami; jismoniy shaxs uchun yuk tashish huquqiga litsenziya olishda familiyasi, ismi, otasining ismi, pasportiga oid ma’lumotlar va haydovchilik guvohnomasi; faoliyatning litsenziyalanadigan turi (yoxud uning bir qismi) va faoliyatning mazkur turi amalga oshiriladigan muddat ko‘rsatilgan holda litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza;
b) litsenziya talabgorida haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan va avtotransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish yoxud litsenziya talabgorining tegishli ixtisoslikdagi tashkilot bilan unga tibbiy ko‘rik va texnik ko‘rikdan o‘tish imkoniyati berilishi to‘g‘risidagi shartnomasi nusxasi mavjudligi haqidagi ma’lumotlar;
v) litsenziya talabgori tomonidan ariza ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.
Litsenziya talabgoridan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
11. Litsenziyalovchi organ manfaatdor vazirliklar va idoralardan idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali litsenziya talabgori tomonidan taqdim etilgan avtotransport vositalarining ro‘yxatidagi mavjud avtotransport vositalarining mulk huquqi, boshqa ashyoviy huquqlar yoki ijara shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek, Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmatining tegishli bo‘linmasi tomonidan berilgan avtotransport vositasining texnik jihatdan soz ekanligi to‘g‘risida belgi qo‘yilgan avtotransport vositasining texnik pasporti yoki avtotransport vositalari guruhi texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi haqidagi dalolatnomasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oladi.
12. Hujjatlar litsenziyalovchi organga bevosita litsenziya talabgori tomonidan yoxud ular olinganligini tasdiqlovchi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yoki elektron shaklda, ular qabul qilib olinganligi to‘g‘risida ma’lum qilgan holda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar yuridik shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Taqdim etilgan hujjatlar ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi, uning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana ko‘rsatilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
IV. Arizalarni ko‘rib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish
13. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya/litsenziya kartochkasi talabgorining litsenziya/litsenziya kartochkasi berish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
14. Litsenziya/litsenziya kartochkasi talabgorining arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im summasi Agentlikning bankdagi hisob raqamiga o‘tkaziladi. Litsenziya/litsenziya kartochkasi talabgori o‘z hujjatlari ko‘rib chiqilayotgan davrda berilgan arizadan voz kechgan taqdirda yig‘im qaytarilmaydi.
15. Avtomobilь transportida yo‘lovchilar hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
16. Litsenziya va litsenziya kartochkalari blankalari qat’iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanish darajasiga ega bo‘ladi. Litsenziya blankalari va litsenziya kartochkalari namunalari Agentlik tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi hamda ularning buyurtmasiga ko‘ra «Davlat belgisi» davlat ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi. Litsenziya va litsenziya kartochkasi blankalarining hisobga olinishi, saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun litsenziyalovchi organ rahbari javob beradi.
17. Litsenziya talabgoriga avtomobilь transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni tashishga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab besh ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda qabul qilinadi.
Litsenziyalovchi organ litsenziya talabgorini qaror qabul qilingani to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin bir ish kuni mobaynida xabardor qiladi.
18. Agar Agentlik litsenziya berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati mobaynida litsenziya berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risida qaror qilmasa, u holda ko‘rsatib o‘tilgan muddat tamom bo‘lgandan keyin litsenziya talabgori o‘zi ariza bergan faoliyatni, bu haqda Agentlikni yozma ravishda xabardor qilib, amalga oshirish huquqiga ega.
Ushbu bandning birinchi xatboshida nazarda tutilgan holatda Agentlik litsenziya talabgorining yozma bildirishnomasi olingandan keyin ikki ish kuni mobaynida unga litsenziyani berishga majbur.
19. Litsenziya berishga qaror qilinganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma litsenziya bitimi ilova qilingan va bank hisob raqamining rekvizitlari, davlat bojini to‘lash muddati ko‘rsatilgan holda yozma yoki elektron shaklda litsenziya talabgoriga yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgori davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etgandan va litsenziya bitimini imzolagandan keyin bir ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi.
Litsenziya litsenziyalovchi organ (uning o‘rinbosari) tomonidan imzolanadi va litsenziatlarga litsenziyalovchi organ tomonidan beriladi.
20. Litsenziat litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida litsenziyalovchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan yoxud litsenziya bitimini imzolamagan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilishga haqlidir.
21. Litsenziya berish «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziya berish rad etilishi to‘g‘risidagi qaror, shuningdek, litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
22. Litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish to‘g‘risidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori ko‘rsatib o‘tilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran ko‘rib chiqishga taqdim etishi uchun etarli bo‘lgan muddat ko‘rsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan vaqtga mutanosib bo‘lishi kerak.
23. Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berish rad etilishiga asos bo‘lgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish litsenziya talabgorining rad etish sabablari bartaraf etilgani to‘g‘risidagi arizasi va rad etish sabablari bartaraf etilganini tasdiqlovchi hujjatlar olingan kundan boshlab besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
Hujjatlarni takroriy ko‘rib chiqishda litsenziyalovchi organ tomonidan ariza beruvchiga ilgari yozma ravishda bayon qilinmagan rad etish sabablari ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Rad etish sabablari bartaraf etilganini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bog‘liq bo‘lgan rad etish sabablarini ko‘rsatish bundan mustasno.
Litsenziya talabgorlarining arizalari takroran ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
Litsenziya talabgorining arizasini qayta ko‘rib chiqishda ilgari litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi bildirishnomada ko‘rsatilmagan yangi asoslar bo‘yicha litsenziya berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi;
Litsenziya berish rad etilganligi to‘g‘risidagi bildirishnomada ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
V. Litsenziya bitimlari, litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, dublikat berish
24. Litsenziyalovchi organ bilan litsenziat o‘rtasidagi o‘zaro huquq va majburiyatlarni belgilovchi litsenziya bitimlari litsenziyalovchi organ va litsenziat o‘rtasida tuziladi hamda ularda quyidagilar bo‘lishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turining (yoki faoliyat turi qismlarining) nomi;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qo‘yiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishi yuzasidan litsenziyalovchi organning nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada litsenziat va litsenziyalovchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
25. Litsenziat yuridik shaxs qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin bir oy muddatda ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni, shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasini ilova qilgan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida litsenziyalovchi organga ariza berishi shart.
Litsenziat jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yashash joyi o‘zgargan taqdirda litsenziat qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin bir oy muddatda ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida litsenziyalovchi organga ariza berishi shart.
Litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar litsenziat unda ko‘rsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
26. Litsenziyalovchi organ litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalar reestriga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi ariza litsenziyalovchi organ tomonidan olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun to‘lanadigan summaning yarmi miqdorida yig‘im undiriladi.
27. Yo‘qotib qo‘yilgan yoki yaroqsiz holga kelib qolgan litsenziya o‘rniga litsenziatning arizasiga ko‘ra dublikat berilishi mumkin.
Litsenziyalovchi organ litsenziya dublikatini tegishli ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida berishi kerak.
Litsenziya dublikati berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun to‘lanadigan summaning yarmi miqdorida yig‘im undiriladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
28. Litsenziya talablari va shartlariga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshirishda litsenziyalovchi organ:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshiradi;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonunda belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshiradi;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chog‘ida paydo bo‘luvchi masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni so‘raydi va oladi;
tekshirishlar natijalari asosida litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishini ko‘rsatgan holda dalolatnomalar (ma’lumotnomalar) tuzadi;
aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqaradi, bunday qonun buzilishlarini bartaraf etish muddatlarini belgilaydi;
qonun hujjatlarida belgilangan holatlarda litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish yoxud ularni bekor qilish masalasi bo‘yicha qaror chiqaradi va/yoki sudga murojaat qiladi;
avtomobilь transportida yo‘lovchilar hamda yuklarni tashish faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirishning aniqlangan holatlari to‘g‘risidagi materiallarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlar ko‘rish uchun belgilangan tartibda soliq organlariga yuboradi.
VII. Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish, litsenziyani bekor qilish
29. Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini to‘xtatib turish «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda amalga oshiriladi.
Bunda litsenziyalovchi organ litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilish muddatini o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turadi. Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilish muddatini o‘n ish kunidan ortiq muddatga to‘xtatib turish litsenziyalovchi organning arizasiga ko‘ra sud tomonidan amalga oshiriladi.
Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror sud yoki litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan (chiqarilgan) kundan boshlab uch ish kunidan kechikmay, litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishi to‘xtatib turilishiga sabab bo‘lgan holatlarning litsenziat tomonidan bartaraf etish muddati ko‘rsatilgan holda etkaziladi.
Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishi to‘xtatib turilishiga sabab bo‘lgan holatlar litsenziat tomonidan bartaraf etilgan taqdirda litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini to‘xtatib turgan litsenziyalovchi organ yoki o‘zining arizasiga ko‘ra litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishi sud tomonidan to‘xtatib turilgan organ ko‘rsatib o‘tilgan holatlarning bartaraf etilgani to‘g‘risidagi tasdiqnoma olingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida uning amal qilishini tiklash yoki tiklashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak.
Litsenziyalovchi organ yoki sudning litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat berilishi mumkin.
Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini to‘xtatishda litsenziyalovchi organ litsenziatdan litsenziya talablari va shartlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan avtotransport vositasiga berilgan litsenziya kartochkasini olib qo‘yadi.
30. Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini to‘xtatish «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda amalga oshiriladi.
Bunda litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror litsenziyalovchi organ tomonidan quyidagi holatlarda:
litsenziat litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganda;
yuridik shaxs tugatilganda tugatilgan vaqtdan boshlab yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida to‘xtatilganda qayta tashkil etish vaqtidan boshlab, uning o‘zgartirilishi bundan mustasno;
avtomobilь transportida shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashishni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorning litsenziatning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi to‘xtatilganda;
avtomobilь transportida shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashishni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorning litsenziatning huquqiy muomalaga layoqatliligi cheklanganda yoki u huquqiy muomalaga layoqatli emas deb e’tirof etilganda;
litsenziya kartochkasining amal qilish muddati tugaganda qabul qilinadi.
Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror faqat sud tomonidan quyidagi holatlarda:
litsenziya talablari va shartlari muntazam yoki bir marta qo‘pol tarzda buzilganda;
litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlar litsenziyalovchi organ yoki sud belgilagan muddatda litsenziat tomonidan bartaraf etilmaganda;
litsenziyalovchi organning litsenziya/litsenziya kartochkasi berish to‘g‘risidagi qarorining noqonuniyligi aniqlanganda qabul qilinadi.
Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror sud yoki litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziatga yozma shaklda, qarorni puxta asoslagan holda qaror qabul qilingan (chiqarilgan) sanadan boshlab besh kundan kechikmay etkaziladi. Litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishi uni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan boshlab to‘xtatiladi.
Litsenziyalovchi organ yoki sudning litsenziyaning/litsenziya kartochkasining amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat berilishi mumkin.
31. Quyidagilar litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining qo‘pol tarzda buzilishi hisoblanadi:
litsenziatning shtatida Agentlik tomonidan belgilangan tartibda tegishli lavozimni egallash uchun attestatsiyadan o‘tgan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslarning bo‘lmasligi;
litsenziat tomonidan ishlatish uchun belgilangan tartibda ruxsat etilmagan va yo‘lga chiqishdan oldin texnik ko‘rikdan o‘tmagan avtotransport vositalaridan foydalanilishi;
davriy tibbiy ko‘rikdan va yo‘lga chiqishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan haydovchilarning ishlashiga yo‘l qo‘yilishi;
litsenziya kartochkalari bilan ta’minlanmagan avtotransport vositalariga yo‘l varaqalarining berilishi.
32. Litsenziyani/litsenziya kartochkasini bekor qilish «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasida nazarda tutilgan tartibda va holatlarda amalga oshiriladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyani/litsenziya kartochkasini bekor qilish to‘g‘risidagi qarori litsenziatga yozma (elektron) shaklda, asoslangan holda qaror qabul qilingan kunidan boshlab uch kundan kechikmay etkaziladi. Sudning litsenziyani/litsenziya kartochkasini bekor qilish to‘g‘risidagi qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda etkaziladi.
Bekor qilish to‘g‘risidagi qaror litsenziya berilgan sanadan boshlab amal qiladi.
Litsenziyani/litsenziya kartochkasini bekor qilishda to‘langan davlat boji qaytarilmaydi.
VIII. Litsenziyalar reestri
33. Litsenziyalovchi organ belgilangan tartibda litsenziyalar reestrini yuritadi. Litsenziyalar reestrida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy huquqiy shakli, pochta manzili, telefoni;
jismoniy shaxs yakka tartibdagi tadbirkor avtomobilь transportida yuk tashishni amalga oshirish bo‘yicha litsenziat uchun familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi;
litsenziya va litsenziya kartochkasining berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziya kartochkasining amal qilish muddati;
avtotransport vositasining rusumi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan raqami;
umuman faoliyat turiga yoki uning bir qismiga litsenziya berish to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, amal qilish muddatini to‘xtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatish asoslari va sanasi;
litsenziyalarni bekor qilishning asoslari va sanasi;
dublikatlar berishning asoslari va sanasi.
34. Litsenziyalarning reestrlarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytida joylashtiriladi va tanishish uchun ochiq bo‘ladi.
IX. Davlat boji to‘lash tartibi
35. Avtomobilь transportida yo‘lovchilar hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashishga litsenziya kartochkalari berilganligi uchun davlat boji Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorlarda undiriladi.
Avtotransport vositalari soni to‘ldirilgan (ko‘paytirilgan) taqdirda davlat boji har bir litsenziya kartochkasi uchun qo‘shimcha ravishda undiriladi.
Litsenziyalar berilganligi uchun undiriladigan davlat boji mablag‘lari O‘zbekiston avtomobilь transporti agentligining Avtomobilь transportini rivojlantirish jamg‘armasining maxsus g‘aznachilik hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va ulardan ilmiy-tadqiqot ishlari, yo‘lovchilar avtovokzallari va avtostantsiyalari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga qarashli bo‘lgan umumiy foydalanishdagi yo‘lovchi yo‘nalishlari to‘xtash shoxobchalarini qurish, rekonstruktsiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini, dasturlarni moliyalashtirishda, shuningdek, avtotransport vositalarini xarid qilish va avtomobilь transportini boshqarish tizimiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, «O‘zavtotrans» agentligini saqlash uchun foydalaniladi.
Avtotransport vositasining yuk ko‘tarish yoki yo‘lovchi sig‘imi ko‘payishi munosabati bilan litsenziya kartochkasini qayta rasmiylashtirishda davlat boji undirilmaydi.
 
 
 
 
 
 
Вазирлар Маҳкамасининг 2018 йил 5 декабрдаги 994-сонли қарорига 
2-ИЛОВА
Автомобиль транспортида йўловчиларни ҳамда юкларни шаҳарда, шаҳар атрофида, шаҳарлараро ва халқаро йўналишлар бўйича ташиш фаолиятини амалга ошириш ҳуқуқини берувчи лицензиялар берилганлиги учун давлат божи
МИҚДОРЛАРИ
 

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Avtomobil transportida yo'lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo'nalishlar bo'yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida" 2019-yil 5-dekabrdagi №994-son qarori.

 
O' Z B E K I S T O N   R E S P U B L I K A S I
T R A N S P O R T   V A Z I R L I G I